Hindistonlik Roxit Kxandelval Mister World 2016 tanlovi g‘olibi bo‘lib, jahonning eng kelishgan erkagi deb topildi. Bu haqda, Daily Mail’ga asoslanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
27 yoshli model va aktyor bir necha hafta mobaynida Britaniyaning Sautport shahrida 46 nafar raqibi bilan sport, moda chiqishi va intervyu yo‘nalishlarida bellashdi.
“Shu nuqtaga qadar g‘aroyib sayohat bo‘ldi, endi nima bo‘lishini sabrsizlik bilan kutmoqdaman”, — deb o‘z g‘alabasiga munosabat bildirdi Kxandelval.
Mister World go‘zallik tanlovi Miss World tashkilotchilari tomonidan ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Unda tanlovning turli davlatlaridagi milliy filiallarida birinchilikni qo‘lga kiritgan erkaklar bellashadi.