“O‘zbekkino” milliy agentligi kino san’ati sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida oliy kurslar tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda My Day xabar bermoqda.
Kino san’ati oliy kurslari 2016-yil oxiriga qadar tashkil etilishi kutilmoqda. O‘qish muddati kamida ikki yil bo‘ladi. U yerda nafaqat asosiy, balki ikkinchi darajali kinematografiya kasblari ham o‘rgatiladi.
“Bugun rejissorlarga assistentlar, operatorlar, ovoz operatorlari, rekvizitorlar, rassom assistentlari, libos ustalari, grimchilar, montajchilar va boshqa ko‘plab mutaxassislar yetishmaydi, ularsiz yaxshi kino olish esa ilojsizdir. Ba’zan hatto ko‘chadan odam olishga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, bu syomkani ijodiy jarayon emas, mayda muammolarni hal qilishdan iborat ishga aylantirib qo‘yadi, o‘z-o‘zidan, rejissura saviyasi tushib ketadi. Bizning kurslarimiz ushbu vaziyatni tuzatishi kerak”, — dedi “O‘zbekkino” vakili.
Joriy yilning birinchi yarmida agentlik delegatsiyasi kino sanoati sohasida tajriba almashish maqsadida bir qator mamlakatlarga borib keldi. Xususan, ular Chexiyadagi “Barrandov”, Rossiyadagi “Mosfilm” va Gorkiy nomli kinostudiyalarda bo‘ldi, shuningdek, soha mutaxassislarini tayyorlash uslublari bilan tanishdi.
2016-yilda 15 ta to‘liq metrajli, 40 qismdan iborat jami 20 ta hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar, 10 ta multfilm, shuningdek, bir nechta ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv-metodik videofilmlar tayyorlash ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)