Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) vitse-prezidenti hamda Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi rahbari Anxel Mariya Vilyar UEFA prezidentligi uchun saylovda o‘z nomzodini qo‘yishi haqida rasman ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Avvalroq UEFA prezidentligi uchun saylovda Sloveniya futbol ittifoqi rahbari Aleksander Cheferin hamda UEFAning yana bir vitse-prezidenti, Gollandiya qirollik futbol assotsiatsiyasi rahbari Mixael van Prag o‘z nomzodini qo‘yishini ma’lum qilgandi.
UEFA prezidentligi uchun saylov shu yilning 14-sentabr kuni Afina shahrida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, UEFAning amaldagi prezidenti Mishel Platini 2007-yildan buyon tashkilotni boshqarib kelmoqda. 2011-yilda FIFA sobiq prezidenti Yozef Blatter Mishel Platiniga 2 million Shveysariya frankini noqonuniy ravishda o‘tkazib bergani uchun 2015-yilning dekabr oyida sakkiz yilga har qanday futbol faoliyatidan chetlashtirilgandi. Keyinchalik ushbu chetlashtirish olti yilga qisqartirildi. Shundan so‘ng, Platini Lozannadagi (Shveysariya) Sport arbitraj sudi (CAS)ga chetlashtirish muddatini qisqartirish bo‘yicha apellyatsiya berdi. Uning apellyatsiyasi qisman qoniqtirildi – diskvalifikatsiya muddati olti yildan to‘rt yilgacha, jarima miqdori 80 mingdan 60 ming yevrogacha qisqardi.
Fransiyalik mutasaddi UEFAga yangi prezidenti tayinlanguniga qadar tashkilot rahbari bo‘lib qoladi.
Izoh (0)