Tokio tuman sudi Janubiy koreyalik 28 yoshli fuqaroni o‘tgan yili Yasukuni ibodatxonasi hududida portlashni amalga oshirish ayblovi bilan to‘rt yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Bu haqda sudning 19-iyul, seshanba kuni chiqarilgan qarorida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “TASS”.
“Gumonlanuvchining aybdorlik darajasi yuqori, chunki portlash har kuni ko‘plab odamlar tashrif buyuruvchi ibodatxona hududida yuz bergan”, — deb ta’kidlanadi qarorda.
Yasukuni ibodatxonasi hududidagi portlash 2015-yilning 23-noyabr kuni ushbu majmuaning janubiy darvozalari yaqinidagi jamoat hojatxonasida yuz bergan edi. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Keyinroq portlovchi moslama qoldiqlarida koreys tilidagi yozuvlar topilgan.
Bir muddatdan so‘ng, Yaponiya politsiyasi portlashdan 30 daqiqa avval kuzatuv kamerasiga tushib qolgan Janubiy Koreya fuqarosini qo‘lga olgan. Erkak dastlab aybiga iqror bo‘lishiga qaramasdan, keyin o‘z aybini rad eta boshlagan.