Shu yilning 25-iyun – 2-iyul kunlari Italiyaning Adriatika sohilida bo‘lib o‘tgan Fashion Marine Fest—2016 xalqaro moda festivalida ishtirok etgan o‘zbekistonlik dizaynerlar “Pret-a-porte” nominatsiyasida sovrinli o‘rinlarni egalladi, deb xabar bermoqda My Day.
Toshkentlik Yelena Milberger “Nozik qushning qanot qoqishi” to‘plami bilan birinchi o‘rinni egallab, festivalning mutlaq g‘olibi bo‘ldi.
Ikkinchi o‘rin qozog‘istonlik Alyona Polyanskaya va rossiyalik Rita Jilinaga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa angrenlik Nikolay Nam egalladi.
Mazkur festivalda Italiya, Rossiya, Ukraina, Yaponiya, Belarus, O‘zbekiston va Qozog‘iston vakillari ishtirok etdi. Fashion Marine Fest xalqaro moda festivali Italiyada har yili o‘tkaziladi. Unda dunyoning 7 mamlakatidan 350 nafar ishtirokchi, 50 dan ortiq to‘plamlar va 10 mingdan ortiq fotosuratlar qatnashadi.
Fashion Marine Fest moda festivali tashkilotchilari mazkur tadbirni har yili ikki martadan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)