Biatlon bo‘yicha sakkiz karra Olimpiada chempioni — norvegiyalik Ule Eynar Byorndalen ushbu sport turi bo‘yicha uch karra Olimpiada chempioni, belaruslik Darya Domracheva bilan o‘z munosabatlarini qonunlashtirib oldi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Biatlonchilar 2010-yili Vankuverda o‘tkazilgan qishki Olimpiada o‘yinlarida tanishgan. O‘shandayoq ularning munosabatlari haqida mish-mishlar tarqalgan, ammo sportchilar ularni tasdiqlamagan edi. Shu yilning aprel oyida esa 42 yoshli “biatlon qiroli” Darya bilan farzand kutayotganini ma’lum qildi. Bo‘lajak farzand oktabr oyida dunyoga kelishi kutilmoqda.
To‘y marosimi va o‘tkazilgan joyi haqida sportchilar hech qanday ma’lumot bermadi. Byorndalen Domracheva bilan to‘y liboslarida tushgan suratini Facebook’dagi sahifasiga joylashtirdi.Norvegiyalik biatlon afsonasi bundan avval ham turmushda bo‘lgan. 2012-yilda u olti yillik oilaviy ittifoqdan so‘ng italiyalik biatlonchi Natali Santer bilan ajrashgan. Darya Domracheva esa birinchi marta turmushga chiqishi.