15-iyulda Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari muhokama qilindi va respublika hukumatining joriy yil 15-yanvardagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2016-yilgi iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor vazifalari bajarilishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Majlisda respublika tarmoqlari va hududlarini rivojlantirish asosiy prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi, ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni ta’minlash, sanoat, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmaning ishga tushiriladigan eng muhim obyektlarini foydalanishga topshirish, eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar turlari va hajmlarini kengaytirish, shuningdek, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini izchil qisqartirish, xususiy mulkni yanada rivojlantirish, xorijiy investorlarni aksiyadorlik jamiyatlarining ustav kapitallariga jalb etish, korporativ boshqaruvning zamonaviy metodlarini, eng avvalo, yangidan tashkil etilgan tuzilmalarda joriy etish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi samaradorligi har tomonlama ko‘rib chiqildi va tanqidiy tahlil qilindi.
Iqtisodiyotni isloh qilishni, tarkibiy o‘zgartirish va modernizatsiya qilishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning 7,8 foizga o‘sishini ta’minladi. Sanoat hajmlari 6,7 foizga o‘sdi. Qurilish ishlari hajmi 17,5 foizga, xizmatlar ko‘rsatish hajmi 12,9 foizga ko‘paydi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1 foiz miqdoridagi profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlaridan oshmadi.
Moliya-bank tizimi barqarorligini yanada oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar banklar jami kapitalining 23,3 foizga va depozitlarning 27,7 foizga o‘sishini ta’minladi, bu iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining 26,2 foizga ko‘payishiga ko‘maklashdi. Barcha bank kreditlarining qariyb 80 foizi investitsiya maqsadlariga berilgan uzoq muddatli kreditlardir.
Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va optimallashtirish dasturiy chora-tadbirlarini faol amalga oshirish davom ettirildi. Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishga davlat buyurtmasi joriy etildi. G‘o‘za maydonlari qisqartirildi, bo‘shagan maydonlarga meva-sabzavot ekinlari ekildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 6,8 foizga ko‘paydi.
Yil boshidan buyon 462,5 mingta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi. Ularning 276,7 mingtasi yoki 59,8 foizi qishloq joylardadir.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida onalik va bolalikni muhofaza qilish, sog‘lom va har tomonlama kamol topgan avlodni tarbiyalash tizimini yanada mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ularni moliyalashtirishga barcha manbalar hisobiga 4,4 trillion so‘mdan ko‘p va 111 million dollar miqdorida mablag‘lar yo‘naltirildi.
Strategik investitsiya loyihalarini jadal amalga oshirish va joriy yilda ishga tushiriladigan muhim obyektlarni hamda sanoat quvvatlarini, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini o‘z vaqtida foydalanishga topshirishni so‘zsiz ta’minlash masalalari majlis qatnashchilarining diqqat-e’tibori markazida bo‘ldi. Qayd etib o‘tildiki, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmlarini 11,8 foizga, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar va kreditlarni 17,2 foizga ko‘paytirish ta’minlandi. Jami qiymati 1,9 milliard AQSh dollari bo‘lgan 43 ta ishlab chiqarish obyektlari foydalanishga topshirildi. Umumiy qiymati 3,4 milliard AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 72 ta yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlandi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari 1,5 baravarga oshishi ta’minlandi.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarini respublikaning boshqa hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l orqali bog‘laydigan, 19,2 kilometr uzunlikdagi noyob tunnelga ega bo‘lgan 123,1 kilometr uzunlikdagi elektrlashtirilgan Angren-Pop temir yo‘l liniyasi ishga tushirildi. Samarqand-Buxoro temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish loyihasi nihoyasiga yetkazilmoqda. Uzunligi 1250 kilometrdan ortiq bo‘lgan keng polosali tola-optik aloqa liniyalari barpo etildi. Aholini raqamli televideniye bilan qamrab olish darajasi 68 foizga yetkazildi. Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha 13 mingta yakka tartibdagi uy-joyni qurish va foydalanishga topshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda.
Qayd etildiki, jahon bozorlarida kon’yunkturaning nobarqarorligiga va noqulayligiga qaramay, eksportni ko‘paytirish rezervlarini maksimal jalb etish, eksport qiluvchi korxonalarni faol rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar eksport hajmlarining jadal sur’atlar bilan o‘sishini va tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosini ta’minladi. Yil boshidan buyon ilgari o‘z mahsulotlarini eksport qilmagan qariyb 600 ta korxona eksport faoliyatiga jalb etildi, mahsulotlarning 208 ta yangi turlarini eksport qilish o‘zlashtirildi. Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishni ko‘paytirish ta’minlanmoqda.
Majlisda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini tubdan qisqartirish, davlat aktivlari va ulushlarini xorijiy investorlarga sotish hisobiga xususiy mulkni jadal rivojlantirish hamda aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruvning zamonaviy metodlarini joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning holati va natijadorligiga alohida e’tibor berildi. Qayd etib o‘tildiki, joriy yilning birinchi yarim yilligi mobaynida xususiy mulkka qariyb 267,5 milliard so‘m miqdorida investitsiya majburiyatlari qabul qilgan holda 305 ta davlat aktivlari sotildi. O‘tgan davrda xorijiy investorlarga 30 ta aksiyadorlik jamiyatidagi ulushlar sotildi. Ustav fondlarida davlat ulushiga ega bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari soni 2015-yilning shu davridagi 374 ta o‘rniga 202 tagacha qisqardi.
Majlisda, shuningdek, davlat rahbari qarori asosida yangidan tashkil etilgan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini tashkil etish, shuningdek, Milliy universitetda, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida hamda Toshkent davlat texnika universitetida ta’lim jarayonini yanada takomillashtirish borasida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar muhokama qilindi. Bunda oliy ta’lim muassasasidagi ta’limning ilm-fan bilan o‘zaro mustahkam aloqasini ilg‘or jahon tajribasi asosida ta’minlashga, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga muvofiq holda yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifati va darajasini tubdan oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha belgilangan tadbirlarning bajarilishi holati ham ko‘rib chiqildi. Ushbu masalani muhokama qilish davomida vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oldiga O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligini munosib kutib olish va tantanali nishonlash bo‘yicha tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy va axborot-tushuntirish tadbirlarini sifatli amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘yildi.
Kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik korxonalar va respublika viloyatlari hokimliklari rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Respublika Hukumatining majlisiga kiritilgan masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi, ularda 2016-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari amalga oshirilishini so‘zsiz ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Izoh (0)