FIFA Axloq qo‘mitasi tashkilot mablag‘larini shaxsiy maqsadlarda ishlatayotganlikda ayblanayotgan FIFA prezidenti Janni Infantinoga nisbatan dastlabki tergov ishini boshladi. Bu haqda Bild nashriga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Nashrning qayd etishicha, Infantinoga nisbatan tergov ishining boshlanishi uning shaxsiy parvozlari sabab bo‘ldi. 28-may kuni Milan shahrida bo‘lib o‘tgan Yevropa Chempionlar Ligasi finalidan so‘ng FIFA rahbari oilasi bilan Milandan Rimga, keyin esa Jenevaga yo‘l olgandi. Uning safari shaxsiy bo‘lgan. Tashkilotdagilar esa u qaysi mablag‘larni ishlatlaginini bilmaydi. FIFA rasmiy vakillari ushbu xabarlarga izoh berishdan bosh tortdi.
Qayd etilishicha, Infantino FIFAning reklama budjeti hisobidan parvozlarni amalga oshirgan. Mutasaddining shaxsiy parvozlari haqida ma’lumotlar tarqalganidan so‘ng FIFA logistika bo‘limi boshlig‘i o‘z ishidan ozod etilgandi.
Avvalroq Frankfurter Allgemeine Zeitung gazetasi Infantino shaxsiy maqsadlari uchun FIFA g‘aznasidan kamida 14 ming yevro ishlatganini ma’lum qilgandi. Xususan, FIFA prezidenti tashkilot mablag‘larini trenajyor, matras, smoking, gul va butsalar uchun sarflagan.
Infantino avvalroq ham qonunbuzarlikka aloqasi borligi aytilgan. Die Welt gazetasi FIFA prezidentini tashkilot Kengashi majlisining 9–10-may kunlaridagi protokolini yo‘q qilganlikda ayblagandi. Keyinroq FIFA aloqalar departamenti boshlig‘i Deliya Fisher ushbu xabarlarni rad etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Janni Infantino 2016-yilning 27-fevral kuni FIFA prezidenti etib saylangandi. Tashkilot rahbariga nisbatan qo‘zg‘atilgan tergov ishi munosabati bilan mutasaddi 90 kunga o‘z faoliyatidan chetlashtirilishi mumkin.