44-bor o‘tazilgan “Interemnia World Cup—2016” turniri o‘zbekistonlik gandbolchilarning g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
“Sports.uz” saytida musobaqa 16 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida tashkil etilgani qayd etilgan. Mazkur nashrga manba ko‘rsatgan “Myday.uz” esa turnirda 1999—2000-yillarda tug‘ilgan sportchilar qatnashganini e’tirof etib, ganbolchi yoshlarimiz Jahon Chempionligini qo‘lga kiritganiga e’tibor qaratgan.“Interemnia World Cup—2016” turniri rasmiy sayti 18 yoshgacha bo‘lgan gandbolchilar o‘rtasidagi Jahon Kubogida O‘zbekiston nomidan “Tashkent Collage” jamoasi ishtirok etganini ko‘rsatgan. Musobaqada qatnashgan 15 ta jamoadan hech biri mamlakat nomi bilan yuritilmagan.
“Tashkent Collage” turnirning “B” guruhida Daniya hamda Fransiyaning 2 tadan, Italiya va Livanning esa 1 tadan jamaosiga qarshi kurash olib bordi. Guruh o‘yinlari yakuniga ko‘ra Daniyaning “Hillerod HK” klubi 1-o‘rinni, “Tashkent Collage” esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Chorak finalda o‘zbekistonlik sportchilar Fransiyaning “Courseulles HBC” klubini 21:18 hisobida mag‘lub etdi. Yarim finalda esa Daniyaning “Furesoe HC” jamoasi 13:9 hisobida taslim qilindi.
Hal qiluvchi final o‘yinida Germaniyaning “JSG Echaz Erms” jamoasi ustidan 16:15 hisobida zafar quchgan “Tashkent Collage” festival g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, ganbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon Chempionati 2015-yil Rossiyada, o‘smirlar o‘rtasidagi Jahon Chempionati esa 2015-yil Braziliyada bo‘lib o‘tgan. Har ikki musobaqada ham O‘zbekiston terma jamoasi ishtirok etmagan.
Izoh (0)