Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz”da 12-iyul, seshanba kuni Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ish boshladi. Ochilish marosimida 300 dan ortiq xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda xorijiy rivojlanish va hamkorlik institutlari vakillari ishtirok etdi, deb xabar beradi “Gazeta.ru”.
“Yarmarkadan ko‘zlangan maqsad — O‘zbekistonning hamkorlarini respublikada ishlab chiqariladigan va o‘z iste’mol xususiyatlariga ko‘ra noyob bo‘lgan meva, sabzavot, uzum va poliz ekinlari, shuningdek, sanoat qayta ishlashi natijasida ulardan olinadigan sifatli mahsulotlarning ulkan salohiyati bilan tanishtirish”, — dedi marosimda chiqish qilgan O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev.
Yarmarkada mahalliy ishlab chiqaruvchilarning chet ellik meva-sabzavot mahsulotlari xaridorlari bilan uzoq muddatli va barqaror aloqalari tizimini yaratish ko‘zda tutilmoqda, deb ta’kidladi hukumat rahbari.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 160 ming fermer xo‘jaligi faoliyat yuritmoqda. Mamlakat 180 turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilmoqda.
“Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda paxta ekiladigan yer maydonlari ikki barobarga qisqartirildi, — ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. — Bo‘shatilgan maydonlar oziq-ovqat ekinlariga ajratildi. Qishloq hududlarida o‘tkazilgan islohotlar natijasida mamlakatning ko‘pgina mintaqalari jahon bozorida talabga ega meva va sabzavot ishlab chiqaruvchisiga aylandi”.
Bosh vazirning so‘zlariga qaraganda, o‘tgan yillarda O‘zbekistonda sabzavot yetishtirish sakkiz barobarga, meva yetishtirish besh barobarga, poliz ekinlari yetishtirish sakkiz barobarga, uzum yetishtirish to‘qqiz barobarga oshdi. Ayni paytda mamlakatda har yili 16 million tonna meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqariladi, 2020-yilda esa bu ko‘rsatkich ikki barobarga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Ayniqsa jahon bozorlariga chiqariladigan mahsulot sifatiga, ularni saqlash tizimi, logistikasi va iste’molchilarga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning uchun 800 ming tonna sig‘imli 1300 muzlatish kameralari va omborlar yaratildi. Joriy yilda 100 ming tonna sig‘imli yana 197 zamonaviy muzlatish kameralari va omborlar qurish va rekonstruksiya qilish ko‘zlanmoqda.
Mamlakatning transport infrastrukturasi rivojlanmoqda. Tranzit yetkazmalari uchun tarif imtiyozlari va preferensiyalar taqdim etish hisobidan mahsulotlarni asosiy bozorlarga yetkazish xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilish va modernizatsiyalash, mahsulotlarni saqlash, muzlatish, chuqur qayta ishlash va logistik infrastruktura shakllantirish bo‘yicha o‘nlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda, ularda xorijiy moliyaviy institutlar ham ishtirok etmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasida realizatsiya qilinayotgan loyihalarning umumiy portfeli 1,5 milliard dollardan oshadi.
13-iyul kuni Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasiga O‘zbekistonning barcha viloyatlari ma’muriyatlari rahbarlari tashrif buyuradi va o‘z viloyatlari mahsulotlari taqdimotini shaxsan olib boradi. 16-iyul kuni yarmarka ishi yakunlanadi.
Yilning ikkinchi yarmida meva-sabzavot yarmarkasining elektron maydonchasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Unda onlayn rejimda buyurtmalarni joylashtirish va mahsulot yetkazish bo‘yicha eksport shartnomalarini tuzish imkoniyati bo‘ladi.
Izoh (0)