2016-yilgi Yevropa Chempionatida finalning birinchisi ishtirokchisi aniqlandi — Portugaliya. Yarim finalda Uelsga qarshi kurash olib borgan Krishtianu Ronaldu jamoadoshlari 2:0 hisobida zafar quchdi.
Portugaliya terma jamoasi Yevro—2016 yarim finaliga qadar bo‘lgan 5 ta bellashuvning birortasida asosiy vaqtni g‘olib sifatida yakunlamagandi. Uelsga qarshi bellashuvda esa Fernandu Santush shogirdlari 2 ta gol farqi bilan muvaffaqiyat qozondi.
Uchrashuvning 50-daqiqasiga kelib Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Vengriyaga qarshi bellashuvda Krishtianu 4 ta Yevropa Chempionatida gol urgan birinchi futbolchiga aylanib olgandi. Uelsga qarshi o‘yindagi goli bilan esa Ronaldu Yevro to‘purari Mishel Platiniga yetib oldi — 9 ta gol.
53-daqiqada Krishtianu Ronalduning pasidan so‘ng Nani hisobni 2:0 ko‘rinishiga olib keldi. Bu futbolchi uchun Yevro—2016 dagi uchinchi muvaffaqiyatli zarba bo‘ldi. Ronaldu esa 3 ta gol urishdan tashqari, 3 ta golli uzatmani ham amalga oshirgan.
Uels o‘z tarixida birinchi bor Yevropa Chempionatida ishtirok etib, yarim finalga qadar yetib keldi. Portugaliya esa o‘z tarixida ikkinchi bor qit’a chempionatining finaliga yo‘l oldi. So‘nggi bor Portugaliya 2004-yil o‘z maydonlarida bo‘lib o‘tgan Yevropa Chempionatining hal qiluvchi o‘yinida to‘p surgan va Gretsiyaga imkoniyatni boy bergandi.
[wpse_match id="374479" show_title=1]