5-iyul kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning Ramazon mavsumidagi dastlabki 215 nafardan iborat guruhi umra safaridan O‘zbekistonga sog‘-salomat qaytib keldi, deya xabar bermoqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy sayti.
Ziyoratchilarni Toshkent xalqaro aeroportida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari kutib oldi.
25—28-iyun kunlari o‘zbekistonlik ziyoratchilar Ramazon oyidagi umra safariga kuzatilgan edi.
Ramazon oyidagi umra ziyoratida jami 672 nafar fuqarolarning Toshkent – Jidda – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha 3 ta charter avireysida safarlari tashkil etildi.
Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 4 nafar ishchi guruhi, 13 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 3 nafar shifokor va 2 nafar oshpazlar xizmat ko‘rsatdi.
Ziyoratchilarga safardan oldin davlat ramzlari tushirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, “Umra” qo‘llanmasi va videotasmalar taqdim etildi.
Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarida meningit va grippga qarshi zardob bilan emlangan. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma-tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish hamda profilaktika ishlari olib borildi.