Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish xalqaro tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda bir qator xavfli yuqumli kasalliklar, xususan, kuydirgi, Qrim-Kongo gemorragik isitmasi bo‘yicha vaziyat murakkab bo‘lib turibdi. Shu bois O‘zbekistonda sanitariya-epidemiologiya muhiti barqarorligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlar yanada kuchaytirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, bosh davlat sanitariya vrachi Saidmurod Saidaliyev bu haqda O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.
— Kuydirgi va Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi qo‘zg‘atuvchilarining asosiy manbalari chorva mollari hisoblanadi. Shu bois profilaktika chora-tadbirlarini avvalo chorva mollari o‘rtasida o‘tkazish, veterinariya punktlari va laboratoriyalarining salohiyatini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Chorva mollarini o‘z vaqtida veterinariya ko‘rigidan o‘tkazish, yuqumli kasalliklarga qarshi emlash yo‘lga qo‘yilgan. Mol so‘yiladigan zamonaviy kushxonalar, maydonchalar barpo etilib, ular zarur vositalar bilan jihozlandi. Sifatli go‘sht va go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish, iste’molchiga sanitariya talablariga mos holda yetkazish tizimi shakllangan.
Chegara hududlarida faoliyat yuritayotgan sanitariya nazorati punktlarida chetdan kirib kelayotgan xorijiy fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Tibbiyot xodimlari hushyorligini oshirish maqsadida joylarda malaka oshirish mashg‘ulotlari, seminar-treninglar tashkil etilmoqda. Bu jarayonda kasallikning etiologiyasi, epidemiologiyasi, diagnostikasi, klinikasi, profilaktika va davolashning samarali usullari yuzasidan tajriba almashilmoqda. Shifoxonalarda bunday xastaliklarni barvaqt aniqlash va samarali davolash uchun barcha sharoit yaratilgan.
Bunday muammolar kelib chiqishining oldini olish har bir insondan tibbiy madaniyat va o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishni talab etadi. Buning uchun sog‘lom turmush tarziga, sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘la rioya etish lozim. Uylarda qoramol boqishda molxonalarni toza tutish, go‘ng va boshqa chiqindilarning yig‘ilib qolishi oqibatida turli infeksiyalarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda dezinfeksiya, dezinseksiya tadbirlarini o‘tkazish, hayvonlarni yiliga bir marotaba kuydirgi kasalligiga qarshi profilaktik emlatish, hayvonlarda biror-bir kasallik alomatlari kuzatilganda darhol hududiy veterinariya xizmatiga murojaat etish darkor.
Bugungi kunda aholiga bu borada qulaylik yaratish va epidemiyaga qarshi tadbirlarni o‘z vaqtida tashkil etish maqsadida tumanlarda sanitariya-epidemiologiya, veterinariya xodimlari, shifokorlar, mahalla faollari hamkorligida maxsus guruhlar tuzilib, ular xonadonlarda chorva mollarini ko‘rikdan o‘tkazish, hududlarda sanitariya-epidemiologiya holatini barqaror saqlash bo‘yicha ish olib bormoqda. Mobil telefonlarga o‘ta xavfli yuqumli kasalliklardan himoyalanish bo‘yicha SMS-xabar jo‘natish yo‘lga qo‘yildi. Ommaviy axborot vositalarida mutaxassislarning chiqishlari, maxsus ko‘rsatuv, eshittirishlar tashkil etilmoqda. Binobarin, hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q.