NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg AQSh prezidenti Barak Obamaning vakolatlari tugagunga qadar Afg‘onistondagi AQSh harbiy kontingenti qisqartirilmasligi haqidagi bayonotini ma’qulladi. Bu haqda “Vedomosti” xabar bermoqda.
“Barak Obamaning Afg‘onistondagi qo‘shinlar soni to‘g‘risidagi bayonotini qo‘llab-quvvatlayman. Bu majburiyatlarimizga o‘zaro sodiqligimizni anglatuvchi kuchli signal”, — deya yozgan bosh kotib Twitter’dagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, Obama AQSh harbiy kontingentini avval rejalashtirilganidek 5,5 ming harbiy xizmatchigacha qisqartirilmasligi, kelgusi yil, boshqaruvi yakunlangunga qadar Afg‘onistonda 8,4 ming atrofida harbiy qoldirilishini e’lon qildi.
Ma’lumot uchun, Obama prezidentlik lavozimini egallagan paytda ularning soni 40 ming kishidan iborat edi.