Foydalanib bo‘lingan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan simobli lampa resurslarini qaytarib olib kelgan har bir shaxsga rag‘batlantirish maqsadida beriladigan chegirma besh foizdan o‘n foizga oshirildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” Vazirlar Mahkamasi qarori (pdf)ga tayanib.
2011-yildan buyon amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, iste’molchilar foydalanib bo‘lingan simobli lampa resurslarini utilizatsiyaga topshirishi shart.
Endi lampalarning sinishini va ularning tarkibidagi simob mavjud bo‘lgan moddalarning havoga chiqib ketishini, suv manbalariga, tuproqqa va oziq-ovqat mahsulotlariga tushishini istisno etuvchi maxsus o‘rnatilgan konteynerlardan foydalangan holda maishiy chiqindilarni to‘plash punktlari orqali amalga oshiriladi.
Savdo shoxobchalari va majmualari, shuningdek, firma do‘konlari va ishlab chiqaruvchilarning vakolatxonalari orqali simobli lampalarni sotayotgan savdo tashkilotlari foydalanib bo‘lingan simobli lampa resurslarini majburiy tartibda cheklanmagan miqdorda qabul qilib, ularni ishlab chiqaruvchilarga qaytarib topshirishi shart.