Fransiyada davom etayotgan Yevropa Chempionatining ikkinchi yarim finalchisi Uels bo‘ldi. Chorak finalda Belgiyaga qarshi saf tortgan Kris Koulmen shogirdlari 3:1 hisobida muvaffaqiyat qozondi.
Bellashuvning 13-daqiqasida Radja Nainggolan belgiyalik futbolchilarni hisobda oldinga olib chiqdi. Bu gol Nainggolan uchun Yevropa Chempionatidagi ikkinchisi edi.
Shundan keyin Yevroda ilk marta ishtirok etayotgan Uels o‘z irodasini ko‘rsatdi. 31-daqiqada jamoa sardori Eshli Uilyams hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘lim belgiyalik futbolchilarning ustunligi bilan boshlangan bo‘lsada, keyingi ikkita gol ham uelslik futbolchilar tomonidan urildi. 55-daqiqada Robson-Kanu britaniyaliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. 86-daqiqaga kelib Sem Vouks yakuniy natijani o‘rnatdi — 3:1.
Yarim finalda Uels termasi a’zolari Portugaliya bilan to‘qnash keladi.
[wpse_match id="371790" show_title=1]