Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Chinoz halol chorva” va “Chinoz Avto Xamkor” korxonalari ta’sischisi hisoblangan Ahmadjon Tursunboyev ikki barobar qilib qaytarish va’dasi bilan juda katta miqdordagi omonat mablag‘larni olib kelgani va shu asosda ko‘plab moliyaviy qonunbuzarliklar sodir etgani yaqinda fosh etildi. O‘ziga xos moliyaviy piramida yaratgan bu shaxsning qilmishlari shu kunlarda keng muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan “Daryo” moliyaviy piramidalar haqida tushuncha berishga hamda undan himoyalanish yo‘llariga to‘xtalib o‘tishga qaror qildi.

Foto: “Assalam.ru”

Foto: “Assalam.ru”

90-yillarda “moliyaviy piramida” tushunchasi Rossiya hamda bir qator boshqa mamlakatlarda gurkirab rivojlandi, so‘ng tillardan qolib ketdi. Bu narsa unutilib ketgandek tuyulishi mumkin. Ammo mutaxassislarning e’tirof etishicha, internetning rivojlanishi munosabati bilan moliyaviy piramida tuzog‘i yangicha shakllarga kirib, yanada rivojlanmoqda. Aksincha, oxirgi yillarda qalloblikning bu turi ilgarigidan ko‘ra ancha keng tarqalmoqda.

“XityorBobyor.ru” sayti moliyaviy piramidalarni farqlash va ularning tuzog‘iga tushib qolmaslik borasida o‘z maslahatlarini berdi.

Elektron manzilimizga qandaydir loyihalarda ishtirok etish, ishlamay pul topish takliflari tinimsiz keladi. Qidiruv tizimida “qanday qilib pul ishlash mumkin” deb yozsangiz, bu yo‘nalishdagi o‘n minglab saytlar va takliflar chiqib keladi. Oddiy “vakansiya” va “ish”dan tortib “kapitalni ko‘paytirish duosi” va “Oq sehrgar boylik topishga ko‘maklashadi”gacha bo‘lgan takliflarni topish mumkin.

Ammo, moliya sohasi ekspertlarining ta’kidlashicha, bunday takliflarning deyarli barchasi qalloblikdan boshqa narsa emas. Jumladan, ular orasida moliyaviy piramidalar ko‘p uchraydi.

Moliyaviy piramida nima?

Moliyaviy piramida — daromad olishning shunday modeliki, unda pul mablag‘lari piramidaning quyidagi ishtirokchilaridan yuqoridagilariga borib tegadi. Ya’ni piramidaning yuqorisidagilar pastdagilardan ko‘ra ko‘proq pul oladi.

Moliyaviy piramidalar ko‘pincha investitsion jamg‘armalar yoki tijoriy loyihalar niqobi ostida harakat qiladi va “mijoz”dan olingan pullar yuqori daromad keltiruvchi moliyaviy sohalarga yoxud allaqanday loyihalarga yo‘naltirilganini iddao qiladi.

Moliyaviy piramida modelining haligacha mavjudligiga yagona sabab — insonlarning ochko‘zligi, tezroq boyish va oson daromad olishga bo‘lgan intilishidir.

Bu holat bir xayoliy tajriba yordamida tasdiqlanadi: agar ko‘chada ketayotgan odamga birov yaqinlashib, kattagina pul taklif qilsa, u bosh tortmaydi. Lekin undan boylikka erishish uchun qiyinchiliklarga to‘la yo‘lni bosib o‘tish so‘ralsa, ko‘pchilik bunday yo‘lni tanlamaydi.

Ta’lim-tarbiya, xalq folklori, ommaviy madaniyat ham tez boylik orttirishni nafaqat oddiy holat, balki baxtga erishishning asosiy yo‘llaridan biri sifatida namoyish etadi. Aytaylik, ertak qahramonlari malikaga uylanib yoki xazina topib olib boyib ketadi. Kino va adabiyot ham bundan mustasno emas.

Boshqa tomondan, madaniyatshunoslarning uqtirishicha, ertaklarda va kitoblarda qahramon odatda boylik uchun harakat qilmaydi, balki qandaydir sarguzashtlarni boshidan o‘tkazadi, odamlarga yaxshilik qiladi, o‘z ustida ishlaydi va buning natijalaridan biri sifatida boylikka erishadi. Shu bois odamlarga ishlamay pul topish g‘oyasini singdiruvchi asosiy omillar bular emas, degan fikrda ham jon bor.

Nima bo‘lganda ham, moliyaviy piramidaning o‘ziga xosligini aniqlab oldik — u odamlardagi ochko‘zlikdan mahorat bilan foydalanadi. Qiziq tomoni, ko‘p hollarda aynan kambag‘al insonlar qalloblarning o‘ljasiga aylanadi. Ayrimlar hatto tezroq “investitsiya” kiritib, “ulush” olish maqsadida qarz ko‘taradi.

Rossiyada o‘tgan asrning 90-yillarida gurkirab rivojlangan moliyaviy piramidalardan biri MMM edi. Hozir uning metodlari internetga ko‘chib o‘tdi.

Bunday piramidaning ishlash prinsipi oddiy — odamlardan ikki barobar qilib qaytarish sharti bilan pul olinadi. Birinchi bo‘lib pul berganlarga keyingilar hisobidan to‘lov qilinadi, shu tariqa, qalloblik charxpalagi aylanaveradi. Ammo oddiy matematik hisob-kitob piramida ishtirokchilarining asosiy qismi pulsiz qolishini ko‘rsatib turibdi. Albatta, birinchilar foyda qilib qolishi mumkin. Lekin barcha “mijoz”larning tikkan puli tarozining bir pallasiga qo‘yilsa, ishtirokchilar yutqizgan bo‘lib chiqadi, piramida asoschilari esa har qanday holda ham katta daromad oladi.

Moliyaviy piramidalarni qanday farqlash mumkin?

Foto: “XityorBobyor.ru”

Foto: “XityorBobyor.ru”

Moliyaviy piramidalarga xos besh asosiy jihat:

1. Boshlanishiga mo‘maygina mablag‘ tikishingiz zarurligi aytiladi;

2. Katta foizlar va’da qilinadi, tikilgan pul tezda qaytishiga ishontiriladi;

3. Daromad ko‘rish uchun sizdan tanishlaringizni jalb qilishingiz so‘raladi, ular ham o‘z mablag‘larini tikishi lozim bo‘ladi;

4. Loyihalar “nou-xau” sifatida taqdim etiladi. Ularda nostandart, shubhali ish metodlari aks etadi;

5. Loyiha ofisi “super omadli” va “shiddat bilan o‘sayotgan” biznesga xos sharoitga ega bo‘lmaydi.

O‘ylab ko‘ring, agar gap rostanam “nou-xau” haqida ketayotgan bo‘lsa, loyiha mualliflari kichkina ofisda oddiy odamlardan arzimagan pul to‘plab o‘tiradimi? Haqiqatan samara beradigan yangicha biznes loyihaga albatta xususiy investor, maqsadli venchur jamg‘armasi qiziqishi tayin. Hech bo‘lmaganda g‘oya mualliflari OAJ tuzib, aksiyalarini sotuvga chiqarishi mumkin. Xususiy investorlar va jamg‘armalar loyihaga pul tikmayotgan ekan, demak, bu shunchaki firibgarlik.

Ba’zan piramida oddiyroq shaklda ham bo‘lishi mumkin — hech qanday innovatsion g‘oyalar ilgari surilmaydi, mijozlardan shunchaki pul olib kelib berish talab etiladi, bu pullar bir muddatdan so‘ng ikki-uch barobar bo‘lib qaytib kelishi aytiladi. Pul nimaning hisobidan ko‘payishi esa aytilmaydi.

Agar rostan boyib ketishni istasangiz, bu kabi shubhali ishlarga bosh suqmay, to‘plagan pulingizni ta’lim olishga sarflang yoki xususiy ish oching. Pullar eng kamida bekorga ketmaydi.

Moliyaviy piramida va tarmoqli marketing — farqi nimada?

Ko‘plar tarmoqli marketingni moliyaviy piramida bilan adashtiradi. Bir qarashda, ular bir xil uslubda ishlaydigandek.

Tarmoqli marketing — tovarlarni ishlab chiqaruvchidan iste’molchiga yetkazishning qonuniy yo‘li bo‘lib, unda vositachi halqalar mavjud emas. Bunday tarmoq ishtirokchisining daromadi tovar aylanmasidan shakllanadi.

Ya’ni, agar siz taklif qilgan insonlar hech narsa xarid qilmasligi, shunchaki ro‘yxatdan o‘tishi mumkin, undan katta pul tikish talab qilinmaydi, pul ikki-uch barobar o‘sishi haqida so‘z bormaydi. Ro‘yxatdan o‘tish narxi juda arzon bo‘ladi.

Shu bilan birga, moliyaviy piramidalar tarmoqli marketing loyihalari niqobi ostida harakat qilishni o‘rganmoqda.

Tarmoqli marketing qiyofasiga kirib olgan moliyaviy piramidaning besh belgisi:

1. A’zolik badali juda katta bo‘ladi — yuz dollardan 5 ming dollargacha. Bu pul hisobidan “distribyutor”ga haq to‘lanadi;

2. Bunday tarmoqda tovar yo bo‘lmaydi, yoki u tashkilotdan tashqarida hech qanday bahoga ega bo‘lmaydi;

3. Pul yoki hujjat qabul qilinganini rasman tasdiqlaydigan belgilar — muhr, shartnoma, chek yo‘q;

4. Ishtirokchiga tovar aylanmasidan emas, u jalb qilgan a’zolar soniga qarab haq to‘lanadi;

5. Tashkilot ishida asosiy urg‘u tez daromad topishga qaratiladi, tovar esa piramidaga niqob vazifasini o‘taydi.

Xullas, tarmoqli marketing firmalari doirasida biznes qilish noqonuniy hisoblanmaydi, shuningdek, bunday muassasalardan daromad ko‘rish mumkin. Lekin bunda ehtiyotkorlik talab qilinadi — agar firma yuqoridagi besh belgiga ega bo‘lsa, demak, aslida bu tarmoqli marketing qiyofasiga kirib olgan moliyaviy piramidadir.

Omadli kompaniya bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganlarga havas qilsa arziydi. Lekin adashib qalloblarga pul berib qo‘yganlar nima qilsin? Bu ahvolda qanday yo‘l tutish kerak?

Moliyaviy piramida tuzog‘iga tushib qolganlarga maslahatlar

Asosiysi — sarosimaga tushmang. Yuqoridagi belgilar asosida sizdan pul olgan kompaniya moliyaviy piramida ekanligiga ishonch hosil qiling.

Agar pulingizni qaytarib olish niyatingiz bo‘lsa, bu ishni amalga oshirish qiyinligiga oldindan ko‘niking. Qo‘lingizda pul to‘langanini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lsa, ular asosida darhol sizni mazkur sarguzashtga tortgan odamga murojaat eting. Hujjat bo‘lmaganda ham pulni qaytarishni talab qilib ko‘ring. Turli bahonalar ro‘kach qilinib, pul qaytarilmasa, huquq-tartibot organlariga murojaat qiling. Buni qalloblarga bildirib qo‘ying — javobgarlik oldidagi qo‘rquv tufayli ular pulni qaytarib berishi mumkin.

Barcha o‘quvchilarimizga moliyaviy omad tilaymiz. Hech qachon bu kabi shubhali ishlarda ishtirok etmang.