Rossiyaning “Match TV” sharhlovchisi Aleksandr Yelagin UzReport TV telekanali orqali Yevro–2016 musobaqasining pley-off bosqichidan boshlab o‘yinlarni sharhlash uchun O‘zbekistonga tashrif buyurdi va bir nechta o‘yinlarni sharhlashga ham ulgurdi.
Aleksandr Yelaginning O‘zbekistonga tashrifi birinchi marta emas. U shu yilning yanvar oyida Toshkentga kelgan va Angliya Premyer-ligasi 22-turidan o‘rin olgan 4 ta o‘yinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda sharhlagan edi.
“OshMakon” futbol muxlislari klubi hamda UzReport TV tashabbusi bilan tashkil etilgan va “Daryo” muxbiri ishtirok etgan tadbirda taniqli sharhlovchi Toshkentga dastlabki tashrifi haqidagi taassurotlari va o‘z ishiga bo‘lgan munosabati haqida so‘zlab berdi.
“O‘zbekistonga birinchi marta shu yilning yanvar oyida, UzReport TV rahbari Ravshan Jo‘rayevning taklifiga binoan kelgandim. O‘shanda jannatga tushib qolgandek bo‘ldim. Moskvaning dahshatli va sovuq qishidan so‘ng Toshkentga kelish – hayratlanarli! O‘zbeklar mehmondo‘st xalq ekanini eshitgandim, ammo buni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib haqiqat ekanini angladim. Moskvaning -20 daraja sovug‘idan keyin Toshkentning +10 daraja iliqligi meni qaytadan dunyoga keltirgandek bo‘ldi. Haqiqiy jannat!”, – dedi Aleksandr Yelagin.
“O‘zbekistonda hozircha faqat Samarqand shahrida bo‘ldim. U ham bo‘lsa birinchi marta kelganimda. Rostini aytsam, meni turli joylarga taklif qilishyapti, ammo bo‘sh vaqtim deyarli yo‘q. Ishimga bo‘lgan munosabatim jiddiy va buni muxlislarga yetkazishni istayman. Oldinda Yevro–2016 turnirining yana 7 o‘yini bor. O‘z ustimda ishlashim kerak. Bo‘sh vaqtimda esa iloji boricha hordiq chiqarishga harakat qilaman”, – deya qo‘shimcha qildi rossiyalik sharhlovchi.
Eslatib o‘tamiz, Aleksandr Yelagin O‘zbekistonga birinchi tashrifi chog‘ida Botkina nomidagi qabristonda joylashgan “Paxtakor-79” xotira majmuasiga borib, 1979-yili fojiali tarzda halok bo‘lgan futbolchilar va murabbiylar xotirasiga hurmat bajo keltirgan edi.
Izoh (0)