Rossiyaning Tula shahrida istiqomat qiluvchi erkak markaziy bog‘ havzasiga qarmoq tashlab o‘tirib insonnikiga o‘xshash tishlarga ega baliq tutib oldi. Ekspertlar bu odamlarga xavf tug‘dirmaydigan Janubiy Amerika pakusi ekanligini aniqladi, deb xabar bermoqda “Interfaks”.
Baliqning fotosuratlari ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgach, bu “Tulskiye parki” muassasasi rahbariyatining diqqatini o‘ziga tortdi.
“Fotosuratlarni ko‘rgach, biz baliqchi bilan bog‘landik va ekspertizadan o‘tkazish uchun undan baliqni oldik. Ekspertlarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, bu o‘txo‘r paku balig‘idir, u insonlarga xavf tug‘dirmaydi”, — dedi muassasa matbuot kotibi Varvara Trunova.
Bog‘ direksiyasining fikricha, baliq havzaga akvariumistlar tomonidan qo‘yib yuborilgan. 50 santimetrgacha uzunlikda bo‘ladigan bunday baliqlar zoodo‘konlarda sotiladi, deyiladi xabarda.