“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati O‘zbekiston mustaqilligining yigirma besh yilligiga bag‘ishlab “25” nomli aksiya o‘tkazadi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Toshkentdagi Yoshlar ijod saroyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisining birinchi o‘rinbosari F. Muhammadjonova va boshqalar bu haqda ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida o‘tkaziladigan “25” aksiyasida yoshlar o‘rtasida mustaqillik davrida qo‘lga kiritilgan yutuqlarning mazmun-mohiyatini targ‘ib etuvchi ijodiy ishlar tanlovi o‘tkazilishi e’lon qilindi.
Aksiya doirasida “Mustaqillik mening taqdirimda” mavzuida taqdimotlar tanlovi, “Eng ulug‘ va eng aziz” shiori ostida eng sara video va audiotabriklar, “Vatanimga dil izhori” shiori ostida fotosuratlar va videoroliklar tanlovi o‘tkaziladi. Unda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan ijodiy ishlar joriy yilning 25-avgustiga qadar “Kamolot” hududiy kengashlari hamda “25.kamolot.uz” saytiga, loyihaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtirib boriladi.
Tadbirda Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan “Kamolot” faoliyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritgan jurnalistlarga sovg‘alar topshirildi.
Izoh (0)