Marsga yo‘l oladigan yangi missiyani tayyorlashda ishtirok etayotgan gollandiyalik olimlar Mars tuprog‘ining muqobilida o‘stirilgan sabzavotlarni yeb bo‘lishini e’tirof etdi. Bu haqda Naked Science nashri xabar bermoqda.
Mars ovqatini yetishtirish bilan Niderlandiyadagi Vageningen universiteti olimlari shug‘ullandi. Birinchi hosil rediska, no‘hat, javdar va pomidordan iborat bo‘ldi. Bo‘lajak missiya ishtirokchilari nafaqat tayyor taomlar, balki ekish uchun urug‘likni ham o‘zlari bilan olib ketishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bois NASA’da Mars tuprog‘ining muqobili ishlab chiqilib, unda tajribalar o‘tkazildi.
Tuproq yaratilgan 2013-yildan buyon olimlar 10 marotaba hosil oldi, ammo shu paytgacha yetishtirilgan sabzavotni yeb bo‘lish-bo‘lmasligi noma’lum edi. Tadqiqotchilar sabzavot mahsulotlarida og‘ir metallar — kadmiy, mis va qo‘rg‘oshinning ko‘p bo‘lishi mumkinligidan xavotirda edi. Yaqindagina yangi hosilda og‘ir metallarning kamligi aniqlandi.
Yana to‘rt turdagi sabzavot, shu jumladan, kartoshkani ham sinovdan o‘tkazish galdagi vazifalardan biri.
Tadqiqot kraudsorsing kampaniyasi hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Izoh (0)