Rossiya prezidenti Vladimir Putin Hindiston va Pokistonning Shanxay Hamkorlik tashkilotiga qo‘shilishi tashkilotni yanada qudratli va obro‘li birlashmaga aylantirishini aytib o‘tdi. Bu haqda u Xitoyning “Sinxua” agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Shanxay hamkorlik tashkiloti shug‘ullanayotgan sohalarning kengayishi va a’zolar sonining men hozirgina tilga olgan qudratli mamlakatlar (Hindiston va Pokiston) hisobidan ko‘payishi, albattaki, bu tashkilotni o‘ta qudratli, butun mintaqada va butun dunyoda o‘ta obro‘li xalqaro birlashmaga aylantiradi”, — uning so‘zlarini keltiradi “TASS”.
Putin Hindiston va Pokistonning ShHTga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qaror tashkilotning o‘tgan yilgi Ufa sammitida qabul qilinganligini eslatib o‘tdi. Hindiston va Pokistonning tashkilotga qo‘shilish jarayoni esa ShHTning Toshkent sammitida boshlanadi.
“Toshkentdagi uchrashuvda biz bu qarorni mustahkamlashimiz lozim”, — ta’kidladi Rossiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, ilgariroq RF prezidentining ShHTdagi maxsus vakili Baxtiyor Hakimov Hindiston va Pokiston bilan tashkilotga a’zo davlatlarning umumiy yalpi ichki mahsuloti 20 trillion dollarga yetishi, umumiy aholisi esa 3 milliard kishi atrofida bo‘lishini aytib o‘tgan edi.
Izoh (0)