Rossiya liberal-demokratik partiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiy yengil atletika bo‘yicha mamlakat terma jamoasi Rio–2016 Olimpiadasida ishtirok etish huquqini olmasa, Rossiyada “mintaqaviy Yevropa olimpiya o‘yinlarini” o‘tkazishni taklif qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Avvalroq yengil atletika federatsiyalari xalqaro uyushmasi (IAAF) kengashi rossiyalik yengil atletlarning 2016-yilda Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etishiga ruxsat bermagani haqida xabar qilingandi.
“Agar sportchilarimizga Braziliyaga borish uchun to‘sqinlik qilinsa, Rossiyada parallel ravishda Olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz”, – dedi Jirinovskiy.
Jirinovskiy Rio-de-Janeyroga bora olmaydigan sportchilarga Moskva yoki Sochi shaharlariga kelishni taklif qilmoqda. “Turli sabablarga ko‘ra Braziliyadagi Olimpiada o‘yinlariga ko‘plab sportchilar bora olmasa, avgust oyining o‘zida mintaqaviy Yevropa olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun Moskva yoki Sochiga kelsin”, – dedi partiya yetakchisi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi hamda yetakchi xalqaro sport federatsiyalari rahbarlari Lozannadagi olimpiya sammitida ishtirok etadi. Unda atletika federatsiyalari xalqaro uyushmasi (IAAF)ning rossiyalik yengil atletikachilarni Rio–2016 Olimpiadasidan chetlatish qaroriga baho beriladi.
Izoh (0)