Futbol bo‘yicha Braziliya terma jamoasi safida 1994-yilgi jahon chempionati g‘olibi bo‘lgan Romario Braziliya sotsialistik partiyasidan Rio-de-Janeyro meri bo‘lish uchun nomzodlik qiladi. Bu haqda, 2014-yili Braziliya parlamentining yuqori palatasiga saylangan sobiq futbolchi 20-iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Senator lavozimiga nomzodlik qilganimda ko‘pchilik menda tajriba yo‘q ekanini aytgandi. Ammo hozirgi siyosiy holatga ko‘ra, eng tajribalilar tez-tez qamoqqa olinyapti. Menda bunday tajriba bo‘lmasligi aniq”, – dedi Romario.
Shahar merlari va mahalliy deputatlar kengashi saylovlarining birinchi turi 2016-yilning 2-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. Aholisi 200 mingdan ortiq bo‘lgan shaharlarda saylovning ikkinchi turini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Saylov kampaniyasi rasman 16-avgust kuni boshlanadi.
Ma’lumot uchun, Romario 1987–2005-yillar davomida Braziliya termasi safida 70 ta uchrashuv o‘tkazib, 55 ta gol kiritgan.
Izoh (0)