BMT Iroqning hukumat qo‘shinlari va IShID terrorchilik guruhi jangarilarining jangovar harakatlari bo‘lib o‘tayotgan Al-Falluja shahri aholisiga tezlikda gumanitar yordam ko‘rsatish uchun 15 million dollar ajratdi, deya xabar bermoqda “TASS”.
BMT matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mablag‘ ajratish haqidagi qarorni bosh kotibning gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Stiven O’Brayen qabul qilgan.
“Al-Fallujani tark etayotgan odamlar hozirning o‘zida, ayni daqiqada yordamga muhtojdir. Vaziyat ijtimoiy halokatga aylanib ketmasdan, tezkor harakat qilishimiz lozim. Bu mablag‘lar o‘ta muhim, biroq bu zudlik bilan kerak bo‘lgan mablag‘ning kichik qismidir”, — dedi O’Brayen.
Avvalroq BMT mamlakatlar va xususiy donorlarni Iroqda ijtimoiy operatsiyalarni amalga oshirish uchun 861 million dollar ajratishga chaqirgan edi. Biroq hozirgacha so‘ralgan summaning faqat 36 foizi to‘plangan. Bundan tashqari, Butunjahon tashkilotining baholashicha, Al-Falluja aholisiga yordam ko‘rsatish uchun qo‘shimcha 61 million dollar kerak bo‘ladi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)