Yoqutistonda quyuq o‘rmon ichida ayolning ko‘zi yoridi. Bu vaqtda politsiya va qutqaruv xizmati xodimlari uning atrofidagi ayiqlarni haydab turdi, deb hududning Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayangan holda “Interfaks” xabar bermoqda.
Homilaning 40-haftasida bo‘lgan ayol o‘tgan haftaning so‘nggi ish kunida turmush o‘rtog‘i va qarindoshlariga baliqchilik ishlarida yordam berish maqsadida o‘rmonga yo‘l oldi. 18-iyun, shanba kuni ayolni to‘lg‘oq tutdi. Ayolning yaqinlari uni shifoxonaga yetkazish uchun mashinaga o‘tkazdi, biroq yo‘ltanlamas botqoqqa botib qoldi.
“Ayol o‘z singlisi bilan o‘rmonning ichida qoldi. Uning turmush o‘rtog‘i esa aloqaga chiqish uchun yo‘l tomon yugurib ketdi. Qorong‘i kirib kelayotgandi. Oilaning hayotidagi eng sovuq va eng uzun kecha boshlangan edi”, – deyiladi hududning Sog‘liqni saqlash vazirligi saytida.
Erkak tibbiy xizmat vakillari bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi va ular voqea joyiga yo‘l keldi. Shifokorlar ayolning oldiga mashinada bora olmagani uchun piyoda yurishga majbur bo‘ldi. Tunda shifokorlar o‘rmonning ichida ayolning ko‘zi yorishiga yordam berdi. Bu vaqtda qutqaruv xizmati vakillari atrofda yig‘ilib qolgan ayiqlarni haydadi.
Ayol qizaloqni dunyoga keltirdi. Shundan so‘ng ona-bola mashinaga olib borildi va ular Mirniy shifoxonasiga yetkazildi. Ayni vaqtda ayol va bolaning holati qoniqarli deb baholanmoqda.
Izoh (0)