Toshkent shahrida 23–24-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi oldidan tashkilotga O‘zbekiston Respublikasining raisligi doirasida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi, deb xabar beradi O‘zA.
ShHT sammitini yoritishda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Hindiston, Pokiston, Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston va boshqa davlatlar ommaviy axborot vositalaridan ikki yuzga yaqin vakil, O‘zbekistondan esa qariyb ikki yuz jurnalist qatnashadi.
ShHTning Toshkent sammitini nafaqat mazkur tashkilotga a’zo, kuzatuvchi, muloqot bo‘yicha sherik hamda mehmon sifatida taklif etilgan mamlakatlar, balki boshqa ko‘plab davlatlarning ommaviy axborot vositalari, nufuzli xalqaro nashrlar, axborot agentliklari, internet nashrlari va telekanallar vakillari ham yoritib borish istagini bildirgan.
Sammit doirasidagi tadbirlarni keng, sifatli va tezkor yoritish uchun “O‘zekspomarkaz”da barcha qulayliklarga ega xalqaro matbuot markazi tashkil etildi. Sammit kunlari jurnalistlar ish olib boradigan ushbu markaz eng yuksak talablarga javob beradigan zamonaviy texnika — elektron namoyish stendlari, kompyuterlar, printerlar va boshqa ko‘p funksiyali qurilmalar, telefon bilan jihozlandi, shuningdek, yuqori tezlikdagi Wi-Fi va simli tizimlar orqali Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratildi.
Izoh (0)