Yaponiyaning Okinava orolida 65 ming kishi ishtirokida ommaviy norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tdi. May oyida orolda AQSh dengiz piyodasi mahalliy aholi vakili bo‘lgan qizni o‘ldirib qo‘ygan edi, deb eslatadi “Vedomosti”.
Aytilishicha, mitingda muxolif partiyalar vakillari bilan bir qatorda Okinava prefekturasi gubernatori Takesi Onaga ham ishtirok etgan. Gubernator o‘ldirilgan qizning ota-onasidan uzr so‘ragan hamda orolda AQSh harbiylari sonining qisqartirilishiga qaratilgan siyosatni davom ettirishga va’da bergan.
Aksiya yakunlariga ko‘ra qatnashchilar rasmiy Tokio va Vashingtondan qizning oilasi va butun Okinava aholisidan kechirim so‘rash talab qilingan petitsiyani imzolagan. Shuningdek, namoyishchilar AQSh harbiy xizmatchilariga nisbatan sud eshituvlarini tartibga soluvchi nizomlarni qayta ko‘rib chiqish talabini ilgari surgan. AQSh harbiylarining Yaponiyadagi maqomi to‘g‘risidagi kelishuvning bu punkti 1960-yillardan buyon qayta ko‘rib chiqilmagandi.
May oyining oxirida Yaponiya huquq-tartibot organlari 32 yoshli amerikalik sobiq harbiy xizmatchi Kennet Franklinni 20 yoshli okinavalik qiz Rina Simabukuroni o‘ldirishda ayblab qo‘lga olgan edi. Harbiy o‘z aybiga iqror bo‘ldi.
Okinavada bazasi joylashgan AQSh harbiy xizmatchilari bu kabi vaziyatlarga ko‘p bora tushgan. Bu mahalliy aholi orasida keskin noroziliklarga sabab bo‘lib kelmoqda.