Futbol bo‘yicha Xorvatiya terma jamoasi yarim himoyachisi Ivan Rakitich Chexiyaga qarshi Yevro–2016 guruh bosqichi o‘yinida o‘z mamlakati muxlislarining tartibsizligi tufayli jamoa turnirdan chetlashtirilishi mumkin ekanini istisno etmayapti. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Chexiya va Xorvatiya o‘rtasidagi 2-tur uchrashuvi kecha, 17-iyun kuni Sent-Etyen shahrida bo‘lib o‘tdi va 2:2 hisobida yakunlandi. 86-daqiqada xorvatiyalik muxlislar maydonga petardalar uloqtirgani va tribunada mushtlashuv keltirib chiqargani uchun o‘yin bir necha daqiqalarga to‘xtatilgandi.
“Ko‘ramiz, Ispaniyaga qarshi o‘ynay olamizmi, yo‘qmi. Balki, uyga ketishimizga to‘g‘ri kelar”, – dedi Rakitich.Xorvatiya termasining boshqa bir futbolchisi Ivan Perishich ham bu borada quyidagicha fikr bildirdi: “Bunday voqea bo‘lganidan ko‘ra, biz bu yerga kelmaganimiz yaxshi edi”.
“Bir nima deyishga til ojiz. Bunday holatlar takror va takror bo‘lmoqda”, – deya qo‘shimcha qildi Xorvatiya termasi sardori Dario Srna.
Shuningdek, Xorvatiya prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich Chexiyaga qarshi o‘yinda maydonga petarda uloqtirgan muxlislar qilmishi uchun jazo olishini aytdi.
“Balli, xorvatiyalik muxlislar! Sizlar esa, jamoa va mamlakatni yomon ko‘radigan Xorvatiya dushmanlari qilmishinglar uchun jazo olasiz”, – deb yozdi Grabar-Kitarovich Facebook’dagi sahifasiga.
Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) 18-iyun, shanba kuni Xorvatiya futbol ittifoqiga nisbatan intizomiy ish ochadi.
Avvalroq rossiyalik muxlislarning Marsel shahrida keltirib chiqargan tartibsizligi tufayli Rossiya futbol ittifoqi 150 ming yevro miqdorida jarimaga tortib, terma jamoani Yevro—2016 turniridan shartli ravishda chetlashtirgandi.
Izoh (0)