Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida 12-turning 7 ta o‘yini o‘z yakuniga yetdi. Unga ko‘ra peshqadam “Lokomotiv” o‘zini ta’qib qilib kelayotgan “Bunyodkor”dan 4 ochkoga ilgarilab ketdi.
12-turning markaziy o‘yinini Qarshida “Nasaf”ga qarshi o‘tkazgan “Lokomotiv” Temurxo‘ja Abduxoliqovning dubli evaziga 2:1 hisobida zafar quchdi va ochkolari sonini 34 taga yetkazib oldi.
“Nasaf”ning ochko yo‘qotishidan unumli foydalangan Bekobodning “Metallurg” klubi 1 ochko ishlab, ochkolar soni bo‘yicha Qarshi klubi bilan tenglashdi. Bekobodda chempionlik uchun kurash olib borayotgan “Bunyodkor”ni qabul qilgan “Metallurg” 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
“Olmaliq” va “So‘g‘diyona” klublari 12-turni vodiyda o‘tkazib, 3 ochkodan qo‘lga kiritdi. Igor Shkvirin jamoasi Andijondan g‘alaba bilan qaytgan bo‘lsa, Davron Fayziyev shogirdlari Qo‘qonda o‘zini ko‘rsatdi.
Navoiyning “Qizilqum” klubi 95-daqiqada belgilangan penalti evaziga “Navbahor”ni taslim qilishga erishdi. “Buxoro” esa Bahodir Pardayev hamda Aziz Ibragimovning goli bilan “Neftchi”ni mag‘lub etdi.
“Lokomotiv” 12-turdan keyin 34 ochkoga ega bo‘lsa, “Bunyodkor” 30 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. “Nasaf” hamda “Metallurg” hisobida 24 tadan ochko mavjud. “Paxtakor”, “Buxoro”, “Qizilqum” bir xilda — 21 tadan ochko ishlagan.
Turnir jadvalining so‘nggi uch o‘rnida “Andijon” — 9, “Qo‘qon—1912” — 6 va “Obod” — 5 ochko bilan joylashgan.
O‘zbekiston Oliy ligasi 12-tur bellashuvlari 16-iyun, payshanba
Izoh (0)