2015-yil oktabrida Sinayda halokatga uchragan, Rossiyaga qarashli Airbus A321 yo‘lovchi samolyoti bortidagi portlashni Misrning IShID bilan bog‘liq “Ansor Bayt al-Maqdis” terrorchi guruhi amalga oshirgan edi. Bu haqda AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Jon Brennan 16-iyun, payshanba kuni Senatdagi chiqishida bayonot berdi, deb xabar qilmoqda “RBK”.
“Bizning fikrimizcha, ushbu guruh Rossiya avialaynerining Sinay osmonida urib tushirilishiga aloqadordir”, — dedi Brennan.
Sinay yarim orolida faoliyat yurituvchi “Ansor Bayt al-Maqdis” guruhi 2014-yilning noyabrida IShIDga sadoqat izhor qilgan edi. Keyinchalik guruh nomini “Viloyat Sinay” deb o‘zgartirdi. Ilgariroq Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ushbu guruhning teraktga aloqadorligini aytib o‘tgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yilning 31-oktabr kuni Misrda Metrojet (“Kogalimavia”) aviakompaniyasining Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan Airbus A321 layneri halokatga uchradi. Samolyot bortida bo‘lgan 224 kishining barchasi halok bo‘ldi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.