2008-yilda Toshkentdagi suv havzalarining taqiqlangan zonalarida, Chirchiq daryosi, Anhor va Bo‘zsuv kanallarida cho‘kib ketganlar soni 26 kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2015-yilda ko‘rsatilgan joylarda 11 kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Husan Bobonovning bayonotiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Bobonov ushbu raqamlarni 16-iyun kuni Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan Shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda Qutqaruv xizmati boshqarmasi rahbariyati ishtirokidagi matbuot anjumanida keltirdi.
Tadbirda, shuningdek, poytaxt suv havzalari va kanallaridagi belgilanmagan joylarda cho‘milish hatto tajribali suzuvchilar uchun ham baxtsiz hodisa bilan yakunlanishi mumkinligi ta’kidlab o‘tildi.
Joriy yilda Bo‘zsuv kanalida bitta mana shunday holat kuzatildi — kanalda kollej o‘quvchisi cho‘kib ketdi.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakili bunday holatlarni butunlay bartaraf etib bo‘lmayotganini tan oldi: ba’zi birovlar o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, taqiqlangan joylarda cho‘milishda davom etmoqda.
“Cho‘milish qoidalarini bilmaslik, suvda turish ko‘nikmalarining yomonligi ayniqsa yoshlar orasida fojiali oqibatlarga olib keladi, — qayd etib o‘tdi Husan Bobonov. — Ayniqsa cho‘milish qat’iyan man etilgan joylarda. Qo‘riqlanadigan uchastkalar, qutqaruvchilarning doimiy nazorati ostida bo‘ladigan jamoat plyajlari, hovuzlar boshqa gap”.
Bunday zonalarda, shuningdek, tibbiyot xodimlari navbatchilik qiladi.
Favqulodda vaziyatlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida 1-iyundan boshlab 1-sentabrga qadar cho‘milish taqiqlangan joylarda har kuni militsiya reydlari o‘tkaziladi. Ularda IIV xavfsizlikni ta’minlash batalyoni kuchlari ishtirok etadi. Militsiya xodimlari qoidabuzarlarga nisbatan asosan suhbat olib borish va ko‘ndirish metodlaridan foydalanadi, ammo ba’zi fuqarolar jarimaga ham tortilishi mumkin. Jarima miqdori eng kam oylik ish haqining 3–10 baravarini tashkil etadi.
Shuningdek, shahar favvoralari ostida cho‘milish ham taqiqlangan bo‘lib, bunday qoidabuzarliklar qutqaruv xizmatlari ishtirokisiz militsiya yoki muassasa qorovuli tomonidan bartaraf etiladi.
Izoh (0)