AQShda davom etayotgan futbol bo‘yicha Amerika Kubogi–2016 turnirining “B” guruhi so‘nggi, 3-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Musobaqa favoritlaridan biri sifatida e’tirof etilgan Braziliya terma jamoasi so‘nggi turda Perudan 0:1 hisobida yengilib, musobaqa bilan xayrlashdi.
Uchrashuvdagi yagona golga 75-daqiqada Peru hujumchisi Raul Ruidias mualliflik qildi. Perulik futbolchi to‘pni qo‘li bilan raqib darvozasiga kiritdi va bu holat katta tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Biroq hakam vaziyatdan biroz chetda qolganligi uchun Ruidiasning qo‘li bilan o‘ynaganini ko‘rmadi va golni inobatga oldi.
Shunday qilib, Peru termasi uchta o‘yinda 7 ochko to‘plagan holda guruhdan birinchi o‘rin bilan chorak finalga chiqdi. 4 ochko jamg‘argan Braziliya guruhda qolib ketdi.
“B” guruhining boshqa bir o‘yinida Ekvador termasi Gaiti futbolchilari bilan kuch sinashdi. Unda 4:0 hisobida ekvadorliklar zafar quchdi.
Mazkur g‘alabadan keyin ochkolari sonini 5 taga yetkazgan Ekvador guruhdan ikkinchi o‘rin bilan pley-off bosqichiga yo‘l oldi. Gaiti o‘tkazilgan uchta o‘yindan birortasida ham ochko to‘play olmadi.
Amerika Kubogi–201613-iyun, dushanba“B” guruhi, 3-tur
Izoh (0)