Rossiya sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Viktor Yevtuxov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda, vazirlik matbuot xizmatiga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.
Delegatsiya tarkibiga Rossiya paxta jamiyati prezidenti Ruben Kasparov hamda bir qancha yengil sanoat korxonalari rahbarlari kirdi.
Delegatsiyaning ikki kunlik safari davomida hukumat hamda soha tashkilotlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G‘aniyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tekstil va ko‘nchilik sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik, shuningdek, Rossiyaga paxta tolasi hamda ip gazlama yetkazish masalalari muhokama qilindi.
“Rossiya uchun O‘zbekiston yengil sanoat yo‘nalishidagi strategik hamkor hisoblanadi. 2015-yilda RF O‘zbekistondan 150 million dollarga 73,7 ming tonna yigirilgan paxta ipini import qildi, bu mazkur mahsulot importining 60 foizini tashkil etadi”, — ma’lum qildi Viktor Yevtuxov.
Rossiya yengil sanoati uchun xom ashyo, birinchi galda yigirilgan ip yetkazmalarini konsolidatsiya qilish maqsadida Rossiya hududida qo‘shma korxona tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Rossiya delegatsiyasi, shuningdek, O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri Rustam Azimov bilan uchrashuvni hamda paxtani qayta ishlash zavodiga tashrifni rejalashtirgan.
Izoh (0)