AQShning Florida shtatida 9-iyun, payshanba kuni hakamlar hay’ati kaliforniyalik ayolni Xitoyga F-35, F-22 va F-16 qiruvchi samolyotlari dvigatellari, uchuvchisiz uchar qurilma hamda Amerika qurol-yarog‘lari haqidagi texnik ma’lumotni noqonuniy yetkazish maqsadida til biriktirishda aybdor deb topdi. Bu haqda, AQSh Adliya vazirligi ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 45 yoshli Vensya Man Florida Janubiy okrugi federal hakamlari tomonidan reaktiv qiruvchi samolyotlar dvigatellari, shuningdek, uchuvchisiz uchar qurilma va ular bilan bog‘liq texnik ma’lumotlarni Xitoy Xalq Respublikasiga yetkazish haqida jinoiy til biriktirib, qurol-aslahalar eksportini nazorat qilish haqidagi qonunni buzishda aybdor deb topilgan.
Xususiy firmani boshqargan Vensya Man “Xitoy davlati nomidan qurol-yarog‘, o‘q-dori va harbiy ta’minot predmetlarini qo‘lga kiritish bilan shug‘ullanuvchi xitoylik agent bilan harbiy texnikani noqonuniy yetkazishni” muhokama qilgan. Vensya Manga nisbatan 2014-yilning avgustida ayblov e’lon qilingan edi.
Amerikalik ayolga nisbatan 20 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tahdid solmoqda. Mahalliy sud jazo chorasini 19-avgust kuni belgilaydi.
Izoh (0)