Dono Productions kinokompaniyasi tomonidan yaratilayotgan “Maftuningman-2” kinofilmi kastingining birinchi bosqichi 7-iyun sanasida Toshkent shahrida o‘tkazildi. Bu haqda “Darakchi.uz” xabar bermoqda.
Ilgariroq kinofilmda rol ijro etish uchun butun O‘zbekiston bo‘ylab kasting e’lon qilingani aytilgan edi.
8-iyun kuni “Maftuningman” filmi yulduzlari — O‘zbekiston xalq artisti, professor Turg‘un Azizov hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Klara Jalilovalar kasting jarayoniga qo‘shildi.
Ular “Maftuningman” filmini suratga olish jarayonini esga oldi, shu bilan birga, “Maftuningman-2” filmiga o‘z munosabatini bildirdi.
“O‘shanda 22–23 yoshlarda edim, — eslaydi Turg‘un Azizov. — Teatr bilim yurtini tamomlagach, aktyor sifatida o‘z faoliyatimni boshlagan edim. Har kuni tramvayda ish joyim, Hadrada joylashgan teatrga qatnardim. Bir kuni tramvayda ketayotsam, notanish kishi menga uzoq tikildi. So‘ng bekatida tusha turib menga: ‘Teatrdan nechada bo‘shaysan? Repetitsiyadan so‘ng mening oldimga, Shayxontohurdagi kinostudiyaga bir kirib ketgin, men Yo‘ldosh aka bo‘laman’ dedi. Hayron bo‘lib, ‘Ha mayli’ deb javob berdim. Repetitsiyadan so‘ng, teatrdagi rahbarimning meni yo‘ldan qaytarishiga qaramay, kinostudiyaga yo‘l oldim. Borsam, raqs sahnasi dekoratsiyasi tayyor, filmdagi hamrohim ham o‘sha yerda ekan. Menga ssenariyni berishdi. Bir oz tayyorlangach, suratga olish ishlari boshlandi. Rolimni ijro etgach, uyga qaytdim. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, meni rolga tasdiqlashgani haqida xabar qilishdi. Ammo teatrdan menga ruxsat berishmadi. ‘Ularga sen kerak bo‘lsang, sening vaqtingga qarab ishlasin, bu teatrdagi ijodingga xalal bermasin’ deyishdi. Yo‘ldosh aka bu shartga ko‘nib, men bilan kunduzi, teatrdan bo‘sh vaqtimda ishlaydigan bo‘ldi. Viloyatlarda suratga olish ishlari boshlanganda, meni ertalab 4 yarimda viloyatlarga gazeta, jurnallar tarqatadigan pochta samolyotda viloyatga yetkazishardi. Kechki 5 larda yana o‘sha samolyotda Toshkentga uchardim. Chunki soat 21:00 da spektaklim boshlanardi”.
“Afg‘onistondan Xiyol ismli qo‘shiqchi kelib, yoshlar orasidan bo‘lajak qo‘shiqchilarni saralagan, — deydi Klara Jalilova. — Ovozim va ko‘rinishim unga manzur kelib, meni tanlab olgan. Shundan so‘ng qo‘shiqchi sifatida ijodimni boshlaganman. ‘Maftuningman’ filmi suratga olinishidan ancha avvalroq men yaxshigina tanilib qolgandim. Lekin Yo‘ldosh Agzamov meni bo‘yi past va juda ozg‘in deb filmga olishni istamagan. Anchagacha so‘zida qat’iy turib olgan. Rostdan ham bo‘yim past, juda ozg‘in edim. ‘Do‘ppi tikdim’ qo‘shig‘ining muallifi Mutal Burxonov esa qo‘shiqni aynan Klara uchun yozganman deb xarxasha qilgan. Oxiri Yo‘ldosh aka meni qabul qilishga rozi bo‘lgan. Oyog‘imga baland poshna, ustimga qavat-qavat libos kiydirib suratga olish ishlarini boshlab yuborishgan”.
Turg‘un Azizov va Klara Jalilova “Maftuningman-2” filmini suratga olishda ko‘proq zamonaviylikka e’tibor qaratish lozimligini aytib, ijodkorlarga omad va ishlarining rivojini tilab oq fotiha berdi.
Film kastingi 15-iyunga qadar davom etadi.