Microsoft olimlari foydalanuvchilar so‘rov bergan qidiruv massivlari ba’zi hollarda oshqozon osti bezi saratonini ularga tashxis qo‘yilishidan oldin aniqlashda qo‘l kelishi mumkinligini isbotlab berdi. Bu haqda, The New York Times nashriga asoslanib, TJournal xabar bermoqda.
Tadqiqot 7-iyun kuni The Journal of Oncology Practice’da chop etildi. Maqola mualliflari — doktor Erik Xorovits va doktor Rayen Uayt — Microsoft vakillari hamda Kolumbiya universiteti doktoranti Jon Paparrizos.
“O‘zimizga savol berdik: agar odamlar tarmoqda nimalarni pichirlashayotganini eshitsak, ularga nimadir bo‘lganiga jiddiy dalillar topa olamizmi?”, — deb tadqiqot mohiyatini tushuntirdi Xorovits.
Qonuniyatlarni topish uchun olimlar revers-injiniring usullaridan foydalandi: ular Bing yordamida oshqozon osti bezi saratoni haqida ma’lumot qidirgan odamlarni topib, ularning ilgarigi so‘rovlarini tekshirib ko‘rdi.
Asosiy indikator sifatida saratonning ma’lum belgilari yuzasidan berilgan so‘rovlar olindi. Ular ishlab chiqqan tizim qanday so‘rovlar foydalanuvchi bekorga bezovta bo‘layotganini ko‘rsatishini, qanday so‘rovlar esa haqiqiy kasallik alomatlariga ishora ekanligini aniq namoyon etadi.
Bunday xastalikka chalingan insonlarning juda kam qismi besh yildan ortiqroq yashay oladi. Ko‘pincha kasallikning aniqlanishi o‘limga sabab bo‘ladi. Olimlar ularning texnologiyasi oshqozon osti bezi saratoniga chalinib, besh yildan oshiq yashay oladiganlar miqdorini 3 foizdan 5–7 foizga ko‘tarishi mumkinligiga ishonmoqda. Shu bilan birga, bu yanglish alomatlarga ega insonlarni ro‘yxatdan chiqarish bilan tibbiy tadqiqotlarga ketadigan xarajatlarni qisqartirishi mumkin.
Qidiruv so‘rovlari maxfiy tarzda o‘rganilgani bois olimlar xastalik alomatlari qayd qilingan insonlarga murojaat eta olmadi. Tadqiqotchilar kelajakda tibbiyot ahlining bunday metodlarga nisbatan bo‘lgan shubha-gumonlarini tarqatib yuborishdan umidvor.
Izoh (0)