Sankt-Peterburg shahar sudi Coca-Cola kompaniyasining shu yerdagi zavodi direktori Dmitriy Soshnyovning qotillari ustidan hukm chiqardi. Bu haqda “Interfaks” xabar bermoqda.
Aybdorlar — Denis Chxitauri 16 yilga, Vyacheslav Finogenov esa 22 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum qilindi. Ular jazo muddatini qattiq tartibli koloniyada o‘taydi.
Finogenov aybini tan oldi, ammo qotillikka qo‘l urish niyati bo‘lmaganini, faqat ish beruvchisi Chxitaurining iltimosiga ko‘ra Soshnyov bilan gaplashib qo‘ymoqchi bo‘lganini aytdi. Chxitauri, o‘z navbatida, direktorning avtomobilini o‘g‘irlashda aybdorligini tan oldi.
Prokuror Finogenovga umrbodlik, Chxitauriga esa 21 yillik qamoq jazosini so‘ragan edi. Aprel oyining oxirida hakamlar bir ovozdan javobgarlarning aybdorligini e’tirof etdi.
2014-yilning 28-noyabrida Finogenov va Chxitauri yolg‘on bahona bilan Soshnyovni uchrashuvga chaqirdi. U yerda Finogenov marhumning orqasiga ikki marta o‘q uzdi. Jinoyatchilar Soshnyovning yonidagi 160 ming rublni oldi, shuningdek, unga tegishli BMW avtomobilini 1 million rublga sotishga urindi.
Izoh (0)