Finlyandiyadagi Vuosangan harbiy bazasiga qo‘ng‘ir ayiq kirib olib, 3 ming harbiy ishtirok etayotgan mashg‘ulotlarni to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda, Finlyandiyaning Iltalehti nashriga asoslanib, “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
Harbiy baza hududiga kirib olgan ayiq askarlarni cho‘chitib, tarqatib yubordi, so‘ng ularning tushligi bilan tamaddi qildi, ular qoldirgan narsalarni yirtib tashladi.
“Odatda ayiq odamlardan chetda yuradi, ammo bunisi hech kimdan qo‘rqmadi”, — dedi brigada matbuot kotibi Satu Xuyanen.
U, shuningdek, harbiylardan hech kim jabrlanmaganini qayd qilib o‘tdi. Askarlar yaqin orada turgan yuk mashinalari ichiga tushib olib, o‘sha yerda xavf bartaraf etilishini kutdi.
Qism qo‘mondonligi ayiq shaxsiy tarkibga xavf tug‘dirmoqda, deb hisoblab, Finlyandiya qonunchiligiga muvofiq, politsiyaga murojaat qildi va jonivorni otib tashlashga ruxsat so‘radi. Ruxsat olingach, ayiq otib o‘ldirildi.
Oxirgi marta ayiqning baza hududiga kirib olishi 13 yil oldin kuzatilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, NATO qo‘shinlari 6-iyun, dushanba kuni Baltops 2016 mashg‘ulotlarining dengizdagi bosqichi doirasida ilk bor alyans a’zosi bo‘lmagan Finlyandiya hududiga kirishi xabar qilingan edi. Bazadagi harbiy mashg‘ulotlar Baltops 2016 doirasida o‘tkazilayotgan edi.