OurMine saudiyalik xakerlar guruhi Twitter va Pinterest’da Facebook rahbari Mark Sukerbergga tegishli ikki akkauntga daxl qila olganliklarini ma’lum qildi. Bu haqda, Hacker News nashriga asoslanib, TJournal xabar bermoqda.
Buzib kirilgan akkauntlar ko‘pdan beri qo‘llanilmay kelayotgan edi — Twitter’dagi @finkd sahifasini Sukerberg 2012-yildan buyon qarovsiz qoldirgan bo‘lsa, Pinterest’dagi sahifada bor-yo‘g‘i to‘rtta yozuv bor. 5-iyun kechasi Sukerbergning Twitter’ida akkaunt “dadada” paroli yordamida buzilgani haqida xabar qoldirildi, keyinroq uning Instagram’dagi sahifasiga ham daxl etilgani ma’lum qilindi.
Instagram’da hech qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lmadi, Pinterest’dagi sahifaning esa tashqi ko‘rinishi o‘zgartirildi.
Keyinroq Facebook vakillari kompaniyaning tizimlari va boshqa akkauntlar xavfsizlikda qolgani, buzilgan akkauntlar ham qaytarib olingani haqida bayonot berdi.