Rossiyalik harbiylar Qirg‘izistondagi mashqlar davomida shartli terrorchilarni yo‘q qildi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug rasmiy vakili polkovnik Yaroslav Roshchupkin ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
“Rossiyaning Qirg‘iziston hududidagi ‘Kant’ aviabazasi harbiy xizmatchilari jangovar tayyorgarlikni tekshirish chog‘ida uchish-qo‘nish maydoni va texnika qo‘yiladigan manzil yaqinida texnik vositalar yordamida aniqlangan va yaxshi qurollangan motorlashtirilgan ‘jinoiy guruh’ni yo‘q qildi. Harbiylar vertolyotlar va zirhli mashinalar himoyasi ostida shartli dushmanni mudofaaga o‘tishga majburladi, maxsus guruh esa tashabbus va harakatchanlikni yo‘qotgan ‘terrorchilar’ni bartaraf etdi”, — deya ta’kidlagan Roshchupkin.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning “Kant” aviabazasi Jamoaviy xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (JXShT) davlatlari hududi va havo chegaralari xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etadi. Uchuvchilar Su-25 samolyotlari va Mi-8 vertolyotlari bilan ta’minlangan.