30-yanvar kuni Chimkentda politsiya maxsus operatsiyasi chog‘ida qo‘lga olingan “Chimkentpivo” zavodi egasi, tadbirkor To‘xtar Tuleshov Qozog‘istonda vaziyatni beqarorlashtirishga uringan. Bu haqda mamlakat milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) vakili Ruslan Karasev ma’lum qildi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.
“Janob Tuleshov hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallashga oldinroq tayyorgarlik ko‘rib borgan, o‘tgan yildan boshlab esa bunga faol kirishgan. Uning harakat rejasi keskinlik o‘choqlarini yaratish, norozilik namoyishlari va ommaviy tartibsizliklar tashkil etish orqali mamlakatda vaziyatni beqarorlashtirishni ko‘zda tutgan. Shu yo‘l bilan muqobil hukumat tuzish va amaldagi hokimiyat tizimini o‘zgartirish niyatida bo‘lgan. Yer islohotiga qarshi norozilik aksiyalarini o‘tkazish tashabbusi ham Tuleshov tomonidan chiqqan va moliyalashtirilgan”, — deya ta’kidlagan Karasev.Uning bildirishicha, Tuleshov tergov izolyatoriga joylashtirilgan bo‘lsa ham mamlakatda yuzaga kelgan vaziyatdan foydalanmoqchi va may oyida Janubiy Qozog‘iston viloyatining Sariog‘och shahrida ommaviy tartibsizliklar keltirib chiqarmoqchi bo‘lgan.
“O‘tgan dam olish kunlari MXQ xodimlari Ostona, Olmaota va Chimkent shaharlarida Tuleshovning bir qator sheriklarini qo‘lga oldi. Ular orasida Qozog‘iston bosh prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Ilyos Baktibayev, Janubiy Qozog‘iston viloyati ichki ishlar departamenti sobiq boshlig‘i, general-mayor Xibratulla Doskaliyev, uning birinchi o‘rinbosari, politsiya polkovnigi Saken Aytbekov, mudofaa vazirligining ‘Janub’ mintaqaviy qo‘mondonligi harbiy qismlari komandirlari, polkovniklar Behzod Jumin va Kayrat Berliboyev bo‘lgan,” — deya ma’lum qilgan MXQ vakili. Unga ko‘ra, mazkur shaxslar vaqtinchalik ushlab turish izolyatoriga yuborilgan. Ularni hibsga olish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.