“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlar – 2016” mavzuida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zA.
Senat Kengashining 2016-yil 5-martdagi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan shu kunlarda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi bo‘lib o‘tmoqda. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan so‘rovda mamlakatning barcha hududlari qamrab olindi.
So‘rov yakunlaridan ma’lum bo‘lishicha, aholining aksariyati — 91,6 foizi ayni paytda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi bo‘lib o‘tayotganidan xabardor.
Mahalla turli sohalarda ish olib borayotganini, bu borada mahalla faollari izchil ishlarni amalga oshirayotganini so‘rovda ishtirok etganlarning 80 foizi qayd etdi.
Aholi bo‘lib o‘tayotgan saylovlarga alohida e’tibor bilan qarab, fuqarolar yig‘ini raisiga munosib nomzod saylanishidan manfaatdor ekanini bildirdi. Mahalla raisligiga kimlarning nomzodi ko‘rsatilgani, ularning dasturida nimalar ko‘zda tutilganini bilishga qiziqish bu galgi saylovda sezilarli darajada kuchaygani ma’lum bo‘ldi: deyarli 80 foiz aholi saylov kampaniyasida ishtirok etish niyatida ekanini bildirdi.
Ijtimoiy so‘rov natijalari yana shuni ko‘rsatdiki, bo‘lib o‘tayotgan saylovlarda ayollar faol ishtirok etishi bilan birga, ular fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchisi lavozimiga saylanmoqda.