Hindistonlik bodibilder, 1952-yilda “Koinot erkagi” nomini qo‘lga kiritgan Manoxar Aych Kalkuttada 104 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” mahalliy OAVlarga tayanib.
Mustaqil Hindiston tarixida birinchi bo‘lib “Koinot erkagi” nomiga ega bo‘lgan sportchi 5-iyun, yakshanba kuni olamdan o‘tdi. Aychning o‘g‘li so‘zlariga ko‘ra, u “qarilik xastaliklari” tufayli vafot etgan.
Aychning sport bilan tanishuvi 1942-yilda Qirollik harbiy-havo kuchlariga kirishi bilan boshlangan. Britaniyaga qarshi namoyishlarda qatnashib, qamoqqa tushgach, kuch ishlatiladigan mashqlar bilan jiddiy shug‘ullanishga kirishgan.
100 yoshga to‘lgan vaqtida Aych “Koinot erkagi” nomining yana bir sovrindori — Arnold Shvarsenegger bilan shaxsan tanisha olmaganidan afsusda ekanligini aytgan edi.