“Sanderlend” klubi ustozi Sem Ellardays murabbiyligidagi Angliya faxriylar terma jamoasi Manchester shahridagi “Old Trafford” stadionida “Lester” ustozi Klaudio Ranyeri murabbiylik qilgan jahon jamoasiga qarshi maydonga tushdi. BMTning bolalar jamg‘armasi YuNISEF bayrog‘i ostida o‘tkaziladigan xayriya uchrashuvida 3:2 hisobida Angliya faxriylar termasi g‘alaba qozondi. Bu haqda The Telegraph xabar bermoqda.
Angliya faxriylar jamoasiga portugaliyalik mutaxassis Joze Mourinyo murabbiylik qilishi ko‘zda tutilgan edi. Ammo uning “Manchester Yunayted” klubiga bosh murabbiy etib tayinlangani va yangi klubda ish boshlagani munosabati bilan 53 yoshli mutaxassis ushbu o‘yinda ishtirok etmaslikka qaror qilgan. Shunga qaramay, u uchrashuvga tashrif buyurdi.
Angliya faxriylar jamoasi safida Jermeyn Defo, Devid Simen, Jeymi Karrager, Fil Nevill, Sol Kempbell, Robbi Fauler, Denni Myorfi va Kiron Dayer singari sobiq futbolchilar harakat qildi. Jahon jamoasi sharafini Kafu, Dimitar Berbatov, Edgar Davids, Fabio Kannavaro, Yap Stam, Samuel Eto’O, Ronaldinyo va Dida kabi futbol yulduzlari himoya qildi.
Qayd etish kerakki, uchrashuv davomida teletomoshabinlar tomonidan 5 million funt sterlingdan ziyod xayriya mablag‘i yig‘ildi.