Keksa ayolning katta yo‘ldan o‘tishiga ko‘mak berayotgan o‘zbekistonlik militsioner surati Facebook’dagi o‘zbekistonlik foydalanuvchilar faol bo‘lgan sahifalarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Surat Toshkentning “Oybek” metro bekat yaqinidagi Afrosiyob va Shahrisabz ko‘chalari chorrahasi oldida olingan, biroq aynan qachon va kim tomonidan olingani ma’lum emas. Unda, bu joy piyodalar o‘tishiga mo‘ljallanmagan bo‘lsa-da, militsiya xodimi hassa tayangan keksa ayolning yukini ko‘tarib, uning yo‘ldan o‘tishiga ko‘mak berayotgani aks etgan.
Suratni ko‘rgan ba’zi foydalanuvchilar militsiya xodimi yo‘lni ruxsat etilmagan joyda kesib o‘tib, keksa ayol bilan birgalikda Yo‘l harakati qoidalarini buzganini, bu yerdan yerosti o‘tish joyi orqali o‘tish zarurligini qayd etgan. Ayni vaqtda boshqa bir guruh foydalanuvchilar hassa tayangan keksa kishi uchun yerosti piyodalar o‘tish joyi qulay emasligi va militsiya xodimi bu vaziyatda to‘g‘ri yo‘l tutganini uqtirishga uringan.
Aksariyat foydalanuvchilar militsionerning bu xatti-harakatini olqishlagan. “Gap yo‘q. Qo‘lini olgan bo‘lardim!”, — deb yozadi bir foydalanuvchi. Facebook’ning boshqa bir a’zosi: “Shunday insonlar ko‘paysin”, — deb fikr bildirgan bo‘lsa, yana biri: “Bunday mehribon insonlar hayoti faqat baxtga to‘lsin”, — deya komment qoldirgan.
“Bilasizlarmi, do‘stlar, so‘nggi vaqtlarda mana shunday militsiya xodimlarini ko‘p uchratyapman. Ular xuddi hech narsa qilmayotgandek turishadi, aslida atrofdagilarga Sizu bizdan ko‘ra ko‘proq yordam berishadi”, — deb yozgan bir foydalanuvchining fikrlarini: “Ularning boriga shukr! Ishonamanki, unga o‘xshaganlar ko‘p”, — deb quvvatlagan.