Germaniya kansleri Angela Merkel Forbes jurnali tomonidan har yili tuzib boriladigan dunyoning eng nufuzli ayollari reytingida birinchilikni saqlab qoldi. Merkel reyting cho‘qqisini olti yildan buyon hech kimga bermay kelyapti, deb ta’kidlaydi “RBK”.
Ikkinchi o‘rinni, 2015-yilda bo‘lganidek, AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton zabt etdi. AQSh Federal zaxira tizimi rahbari Janet Yellen Bill & Melinda Gates Foundation xayriya jamg‘armasi hamraisi, milliarder Bill Geytsning rafiqasi Melinda Geytsni uchinchi o‘rindan siqib chiqardi — Geyts xonim joriy yilda to‘rtinchi qator bilan qanoatlanishga majbur bo‘ldi.
Kuchli o‘nlikka, shuningdek, General Motors avtokonserni bosh direktori Meri Barra, Xalqaro valyuta jamg‘armasi rahbari Kristin Lagard, Facebook operatsion direktori Sheril Sandberg, YouTube bosh direktori Syuzen Voychitski, Hewlett-Packard bosh direktori Meg Uitman va Santander Group direktorlar kengashi raisi Anna Patrisiya Botin kirdi.
AQShning birinchi xonimi Mishel Obama 13-qatorda qolib ketdi.
Joriy yilgi reytingdan 20 nafar yangi nom o‘rin oldi. Ular orasida Lens Technologies bosh direktori Chjou Kunfey bor (61-qator) — Forbes uni texnologik kompaniyaga asos solgan eng boy ayol deb hisoblamoqda (uning 6-iyun holatiga ko‘ra boyligi 8,4 milliard dollarni tashkil etmoqda).
O‘z navbatida, shou-biznesning bir qancha mashhur vakillari, jumladan, xonanda Teylor Svift va aktrisa Anjelina Joli reytingdan chiqib ketdi.
Shuningdek, Theranos biotexnologik startapi asoschisi, o‘tgan yili 72-pog‘onani egallab turgan Elizabet Xolms ushbu yil reytingga kiritilmadi. 1-iyun kuni Forbes uning ilgari 4,5 milliard dollarga baholangan boyligi ayni paytda amalda nolga tengligini ma’lum qildi.