Abxaziyada Mustaqil futbol assotsiatsiyalari konfederatsiyasi (ConIFA) bayrog‘i ostida futbol bo‘yicha tan olinmagan mamlakatlar o‘rtasidagi jahon chempionatining finali bo‘lib o‘tdi. Hal qiluvchi bahsda turnir mezboni Panjob terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi, deb xabar bermoqda “Chempionat”.
Uchrashuvning asosiy vaqti va qo‘shimcha bo‘limlarida 1:1 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida esa Abxaziya futbolchilari 6:5 hisobida zafar quchdi.
Shunday qilib, Abxaziya terma jamoasi tan olinmagan mamlakatlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘ldi. Turnir mezboni bunga qadar G‘arbiy Armaniston (1:0), Chagos orollari (9:0), Laplandiya (2:0) va Shimoliy Kipr (2:0) termalarini mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan o‘yinda Shimoliy Kipr termasi Padaniya terma jamoasini 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Mustaqil futbol assotsiatsiyalari konfederatsiyasi 2013-yilda tashkil topgan bo‘lib, uning tarkibiga dunyoning 5 qit’asidan jami 36 jamoa kiritilgan. Bu yilgi jahon chempionatida 12 ta terma jamoa ishtirok etdi.