Amerikaning Texas shtatida yuzaga kelgan suv toshqinlari oqibatida AQShning besh nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi. Bu haqda, Associated Press agentligi ma’lumotiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
AQSh armiyasi (quruqlikdagi kuchlari) harbiy xizmatchilarining yuk mashinasi Fort-Xud harbiy bazasi yaqinidagi irmoqlardan o‘tayotganda uni suv oqimi oqizib ketgan. Natijada avtomashina ag‘darilib ketgan. Oqibatda uch nafar harbiyning halok bo‘lganligi, yana olti nafari bedarak yo‘qolganligi ma’lum bo‘lgan edi. Uch kishi qutqarib qolingan.
Baza vakillarining agentlikka ma’lum qilishicha, qutqaruvchilar yana ikki nafar harbiyning jasadini topgan. Harbiylarning to‘rt nafari hamon bedarak yo‘qolgan deb qayd etilib, ular qidirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq jala natijasida kelib chiqqan suv toshqini shtat hukumatini ikkita qamoqxona mahbuslarini evakuatsiya qilib, ularni boshqa jazo o‘tash muassasalariga ko‘chirishga majbur qilganligi haqida ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)