Tailandda 12 yil muqaddam Pxuket orolida sodir bo‘lgan sunamidan sakkiz yoshli britaniyalik qizaloq Ember Ouenni asrab qolgan Ning-Nong laqabli fil izlab topildi. Jonivorning laqabi va xo‘jayini o‘zgarib ketgan ekan, deb ma’lum qiladi “TASS”.
Voqealar bayoni ilk bor 2004-yilda gazetalarda chop etilgan edi. Onasi va o‘gay otasi bilan Pxuketda dam olayotgan Ember Ouen minglab odamlarni hayotdan olib ketgan sunami qurboniga aylanayozdi. Pxuketda qiz Ning-Nong laqabli mitti fil bolasi bilan do‘stlashishga ulgurgan edi. Ember odatda filning yelkasida sayr qilar va uni banan bilan boqar edi. Fojia kuni ham ular sohilda aylanib yurgandi. Suv keskin orqaga qaytganida odamlar sohilda qolib ketgan baliqlarni terishga kirishib ketdi, fil esa, nimadandir xavotirlanib, qizaloqni uzoqroqqa olib ketdi. Ulkan to‘lqinlar qirg‘oqni yuvib ketganida filcha va qizaloq xavfsiz joyda edi.
Voqeadan ilhomlangan bolalar yozuvchisi Maykl Morpurgo 2009-yilda uning motivlari asosida Running Wild (“Yovvoyi”) kitobini yaratgan edi. Yaqinda kitob asosida tayyorlangan sahna asari London teatrlaridan birida namoyish etila boshlashi bilan eski voqea yana matbuot diqqatini o‘ziga tortdi.
Bundan xabar topgan tailandlik jurnalistlar ulg‘ayib qolgan filni qidirishga tushib ketdi. Bu murakkab ko‘ringani bilan, aslida Tailandda fillarni topish katta mushkullik tug‘dirmaydi — barcha fillar o‘z pasportiga ega bo‘lib, maxsus hisobda turadi. Tekshirishlar natijasida Ning-Nong aslida urg‘ochi fil ekani va hozirda uning laqabi Bai-Tong ekani aniqlandi. Ayni kunlarda jonivor mamlakat g‘arbidagi Kanchanaburi provinsiyasida turistlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Filning yangi xo‘jayini Bai-Tong bosiq fe’l-atvorga egaligi va insonlarga nihoyatda mehribonligini ta’kidlab o‘tdi.